Davlat boshqaruvida innovatsion yondashuvlar: masʼul rahbarlar uchun oʻquv-amaliy seminar tashkil etildi

Ushbu tadbir sohada samaradorlikni oshirish, jarayonlarni optimallashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Toshkent shahridagi IT-parkda Boshqaruv samaradorligi agentligi filiallari rahbarlari uchun tashkil etilgan oʻquv-amaliy seminar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli institutsional islohotlarning ustuvor yoʻnalishlari bilan yaqindan tanishish, raqamli transformatsiya va zamonaviy texnologik yechimlarni amaliyotga joriy etishga yoʻnaltirildi. Oʻquvga tajribali mutaxassislar, IT sohasi ekspertlari jalb etildi.

Seminar avvalida joriy yilning 21-oktyabr kuni Davlatimiz rahbarining IT-parkka tashrif chogʻida sunʼiy intellekt texnologiyalarini vazirlik va idoralar faoliyatiga keng tatbiq etish orqali samaradorlikni oshirish boʻyicha bergan takliflari yuzasidan fikr-mulohazalar almashinilib, muhim vazifalar belgilab olindi.

Tadbir ishtirokchilariga davlat boshqaruvini raqamlashtirish, sunʼiy intellekt asosida qaror qabul qilish tizimlarini joriy etish, axborot xavfsizligi (kiberxavfsizlik)ni taʼminlash hamda innovatsion loyihalarni boshqarish boʻyicha zamonaviy yondashuvlar yuzasidan ilmiy-amaliy tavsiyalar berildi.

Shuningdek, Dastur doirasida:

— Texnologik mahsulotlar va startap loyihalar koʻrgazmalari,

— Sunʼiy intellekt ekotizimini joriy etish boʻyicha loyihalar taqdimotlari,

— Kiberxavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan integratsiyalashgan loyihalar muhokamasi,

— “Yangi Oʻzbekiston” universiteti faoliyati bilan tanishuv hamda innovatsion laboratoriyalarga tashrif,

— Olimpiya shaharchasiga tashrif va infratuzilma obyekti boʻylab ekskursiyalar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Ishtirokchilar uchun seminar doirasida strategik menejment, raqamli kompetensiyalar va kadrlar salohiyatini oshirish boʻyicha amaliy keyslar ham tashkil etiladi.

Ushbu tadbir sohada samaradorlikni oshirish, jarayonlarni optimallashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.