Oʻzbekistonda yangi toifadagi guvohnoma joriy etilmoqda

“A1” toifadagi haydovchilik guvohnomasini olish uchun avtomaktabda oʻqish shart boʻlmaydi.

Oʻzbekistonda 2026-yil 1-yanvardan eʼtiboran “A1” toifadagi haydovchilik guvohnomasi joriy etiladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “Transport vositalarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida keltirilgan. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Qarorga koʻra, milliy haydovchilik guvohnomasining “A1” kichik toifasi – moped va skuterlarni, shuningdek, eng yuqori konstruktiv tezligi soatiga 25 kilometrdan oshmaydigan, ish hajmi 25 sm3 gacha boʻlgan ichki yonuv dvigateliga ega boʻlgan yoki nominal (belgilangan) quvvati 0,25 kilovattgacha boʻlgan kichik hajmdagi mototransport vositalarini (individual harakatlanish vositalari bundan mustasno) boshqarish huquqini beradi.

2026-yildan “A1” kichik toifadagi haydovchilik guvohnomasini olish uchun talabgorlarga haydovchilarni tayyorlash majburiy oʻquv dasturini oʻtamasdan turib toʻgʻridan toʻgʻri nazariy va amaliy imtihonlarni topshirish huquqi beriladi. Bunda talabgorlar oʻzlarining ixtiyoriga koʻra oʻquv kurslarida (onlayn yoki oflayn shaklda) oʻqishi yoxud mustaqil tayyorlanishi mumkin boʻladi.

Qayd etilishicha, “A1” toifadagi haydovchilik guvohnomasini olish uchun avtomaktabda oʻqish shart boʻlmaydi.

“A”, “B”, “C”, “D” toifadagi avtomototransport vositalaridan birini boshqarish huquqini beruvchi milliy haydovchilik guvohnomasiga ega boʻlgan shaxslar “A1” kichik toifadagi transport vositalarini toʻgʻridan toʻgʻri boshqarish huquqiga ega boʻladi.

“A1” kichik toifadagi transport vositalarini boshqarish huquqini beradigan milliy haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy imtihonda 20 ta savoldan kamida 16 tasiga toʻgʻri javob bergan haydovchilikka nomzodlar amaliy imtihonga qoʻyiladi.

Shuningdek, 3 oy muddat ichida yoʻl harakati qoidalari, transportni boshqarish xavfsizligi va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha zarur bilim va koʻnikmalarni shakllantirishga koʻmaklashuvchi elektron oʻquv materiallari ishlab chiqilishi lozim. Bu materiallar barcha uchun ochiq boʻladi.