O'zbekistonda ilk bor Global ekomarkalash tarmog‘i uchrashuvi o‘tkazilmoqda

Tadbirda 25 mamlakatdan 60 dan ortiq delegat — milliy ekomarkirovka tizimlari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari va ekspertlar qatnashmoqda.

2025-yil 13–17-oktabr kunlari Toshkent shahrida Global ekologik markirovkalash tarmog‘ining yillik yig‘ilishi — (Global Ecolabelling Network — GEN AGM 2025) bo‘lib o‘tmoqda. Bu tadbir tashkilot tarixida ilk bor Markaziy Osiyoda o‘tkazilmoqda.

Tadbir GEN kotibiyati va O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan tashkil qilindi. Unda 25 mamlakatdan 60 dan ortiq delegat — milliy ekomarkirovka tizimlari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari va ekspertlar qatnashmoqda.

Tadbirning O‘zbekistonda o‘tkazilishi Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan izchil ekologik siyosat tufayli amalga oshdi. So‘nggi yillarda mamlakat ekologik sertifikatlash tizimini rivojlantirish, ekologik mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish va “YashilBelgi” milliy tashabbusini ilgari surish yo‘lida muhim qadamlarga erishdi.

Ochilish marosimida Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov quyidagilarni ta’kidladi:

“Biz ekologik markirovkani nafaqat sertifikatlash vositasi, balki ishlab chiqaruvchilar, davlat va iste’molchilar o‘rtasidagi ishonch mexanizmi deb bilamiz — bu sifat, xavfsizlik va tabiatga e’tibor belgisi. U bizning innovatsion, raqobatbardosh va ekologik yo‘naltirilgan iqtisodiyotni yaratish bo‘yicha strategik yo‘nalishimizda muhim ahamiyatga ega. “YashilBelgi” milliy ixtiyoriy ekomarkirovka tizimini yaratganimiz va muvaffaqiyatli joriy etganimiz quvonarli natijadir”.

Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 20-yanvardagi 20-sonli Qaroriga binoan, mamlakatda mahsulot va xizmatlarga ixtiyoriy ekologik markirovka tizimi joriy etildi. Qisqa vaqt ichida 22 ta milliy standart tasdiqlandi, “YashilBelgi” tizimi ishlab chiqildi, ekologik sertifikatlangan mahsulotlar uchun imtiyozlar belgilandi, O‘zbekiston GEN’ga a’zo bo‘ldi va ilk mahsulotlar ushbu belgi bilan sertifikatlandi. Bu esa O‘zbekistonning global ekologik tashabbuslardagi ishtirokini mustahkamladi.

GEN raisi K.S. Venkatagiri o‘z nutqida quyidagilarga e’tibor qaratdi:

“GEN Kengashi Markaziy Osiyoni keyingi o‘n yillikda o‘sish uchun muhim mintaqa deb biladi, O‘zbekiston esa bu boradagi ishlarning mas’ul muvofiqlashtiruvchisi sifatida ko‘rilmoqda. Biz bu tashabbus ikki tomon manfaatlari yo‘lida qanday amalga oshirilishi mumkinligini birgalikda o‘rganishga tayyormiz va O‘zbekiston bilan hamkorlik mintaqaviy integratsiyaning yaxshi namunasi bo‘lishiga ishonamiz”.

Davlat ekologik sertifikatlashtirish va standartlashtirish markazi direktori Nodirjon Yunusov esa tadbir ekologik sertifikatlash bo‘yicha xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, “YashilBelgi” tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish va O‘zbekiston mahsulotlarini jahon bozoriga chiqarishda muhim ahamiyatga ega bo’lishini aytib o’tdi.

Tadbirlar dasturidan quyidagilar o‘rin olgan:
— Germaniya va BMT Atrof-muhit dasturi (UNEP) ekspertlari ishtirokidagi “O‘zbekiston Respublikasida ekologik markirovka: ekodo‘stona biznes va yangi bozorlar” mavzusidagi seminar;
— Ekologik sertifikatlash bo‘yicha Davlat markazi hamda Singapur, Tailand, Turkiya, Rossiya, Ukraina va Germaniyaning milliy tizimlari o‘rtasida hamkorlik memorandumlarini imzolash;
— Markaziy Osiyo uchun GEN Koordinatsion markazini yaratish masalasini muhokama qilish.

Ma’lumot uchun, Global ekologik markirovka tarmog‘i (GEN) — 30 dan ortiq milliy ekologik sertifikatlash tizimlarini birlashtirgan xalqaro nodavlat notijorat tashkilot. O‘zbekiston Respublikasi Ekologik sertifikatlash va standartlashtirish bo‘yicha Davlat markazi “Yashil Belgi” tizimining markaziy operatori hisoblanadi hamda mamlakatning GEN bilan aloqalarini muvofiqlashtiradi.