Qamchiq dovonida yirik sayyohlik loyihasi amalga oshiriladi

Namangan viloyati nafaqat vodiyda, balki butun Markaziy Osiyoda togʻ turizmining yangi markaziga aylanishi kutilmoqda

Foto: xs.uz
Foto: xs.uz

Osmonoʻpar togʻlar egallagan Qamchiq dovoni oʻzining betakror tabiati va diltortar manzaralari bilan fayzli. Bu yerdan oʻtgan Fargʻona vodiysi va poytaxtni bogʻlovchi trassaning Namangan viloyati tasarrufidagi qismida zamonaviy kanat yoʻli va yirik dam olish majmuasi qurilishi boshlanmoqda. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Loyiha umumiy maydoni 90 gektarni tashkil etadi. Hudud sayyohlik tizimida yangi bosqichni boshlab beruvchi mazkur loyiha Avstriya va Shveysariyaning mashhur “Doppelmayr / Garaventa Group” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Jahonda oʻz oʻrniga ega ushbu kompaniya hozirga qadar dunyo boʻyicha 96 ta davlatda 15 mingdan ortiq kanat yoʻllarini barpo etgan.

Kecha Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzokov “Doppelmayr / Garaventa Group” vakillari — Johannes Triyebnik, Valeriy Yashin va Yevgeniy Kuprin bilan uchrashdi. Muloqot chogʻida loyihaning texnik tafsilotlari, iqtisodiy samarasi hamda hudud uchun strategik ahamiyati muhokama qilindi.

Katta ish amalga oshishi bilan Namangan viloyati nafaqat vodiyda, balki butun Markaziy Osiyoda togʻ turizmining yangi markaziga aylanishi kutilmoqda.