Mamlakatimizda quyosh fotoelektr stansiyalarini barpo etish yoʻli bilan energiya tizimini modernizatsiya qilish, anʼanaviy usulda elektr ishlab chiqarishga boʻlgan xarajatlarni keskin qisqartirish ishlari izchil davom etmoqda. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Mutaxassislarning hisob-kitobiga koʻra, bunday stansiyalar orqali elektr energiyasini ishlab chiqarish xarajatlari kamida 25–30 foizga tejaladi. Ana shunday ekologik toza va iqtisodiy jihatdan samarali inshootlardan biri Paxtaobod tumanida ishga tushirildi.
Mutaxassislarning fikricha, bunday quyosh fotoelektr stansiyalari nafaqat aholi ehtiyojini qondirish, balki atrof-muhitni muhofaza qilishda ham muhim ahamiyatga ega. Chunki ular faoliyati natijasida yil davomida atmosferaga oʻrtacha 250 tonna uglerod gazi chiqishining oldi olinadi. Bu esa “Yashil energiya” konsepsiyasini amalga oshirish va barqaror rivojlanish maqsadlariga xizmat qiluvchi yana bir qadam sanaladi.