Oʻzbekistonda 2026-yildan 50 yildan oshgan mashinalardan foydalanish taqiqlanadi

Hujjatda yoshlar orasida yoʻl harakati qoidalariga rioya qilishni targʻib etish boʻyicha chora-tadbirlar ham nazarda tutilgan.

Foto: xs.uz
Foto: xs.uz

Oʻzbekiston hukumati yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan ayrim qarorlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qoʻydi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Hujjatda yoʻllarda harakat ishtirokchilari xavfsizligini taʼminlash va ushbu yoʻnalishdagi ishlar samaradorligini oshirish maqsad qilingan.

Qaror loyihasiga koʻra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab ishlab chiqarilganiga 50 yil va undan ortiq boʻlgan avtomototransport vositalaridan foydalanish, ularni qayta roʻyxatdan oʻtkazish taqiqlanadi hamda davlat roʻyxatidan chiqariladi. Bunda faqat “antikvar” maqomiga ega avtomototransport vositalariga istisno qilinadi.

Shuningdek, hujjatda yoshlar orasida yoʻl harakati qoidalariga rioya qilishni targʻib etish boʻyicha chora-tadbirlar ham nazarda tutilgan.

Jumladan, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan hamkorlikda maktab oʻquvchilari va mahalla yoshlari oʻrtasida “Yashil chiroq” musobaqalarini uch bosqichda tashkil etadi.

Shuningdek, “Yashil chiroq” musobaqalari hamda “Eng namunali yoʻl harakati xavfsizligi taʼminlangan hudud” koʻrik-tanlovini oʻtkazish va gʻoliblarini taqdirlash xarajatlari “Xavfsiz yoʻl va xavfsiz piyoda” respublika jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.