Bir qancha muddat oldin Toshkent metropolitenining “Oʻzbekiston mustaqilligining 30-yilligi yerusti halqa yoʻli” yoʻnalishi bekatlari rejali profilaktik ishlarni amalga oshirish maqsadida yopilgan edi.
Profilaktik ishlarining yakuniy bosqichi amalga oshirilayotganini inobatga olib, yaqin muddat ichida ushbu yoʻnalish oʻz faoliyatini qayta tiklaydi. Bu haqda metropoliten matbuot xizmatiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Qayd etilishicha, metro poyezdlar harakati va yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash hamda sifatli xizmat koʻrsatish maqsadida ushbu yoʻnalishda poyezdlar harakati sinov tariqasida (yoʻlovchilarsiz) bir muddat harakatlanadi.
Sinov jarayonlari muvaffaqiyatli oʻtib, ijobiy xulosa qayd qilinganidan soʻng, “Oʻzbekiston mustaqilligining 30-yilligi yerusti halqa yoʻli” yoʻnalishi taxminan joriy yilning 18-oktabr sanasidan odatdagi tartibda yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatishni boshlaydi.
Bu haqda “Toshkent metropoliteni” DUKning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida qoʻshimcha rasmiy xabar beriladi.