Qo‘mita majlisida bir qator qonunlar muhokama qilindi

Qonun bilan mulkiy zararni qoplash uchun hududiy maqsadli jamg‘armalar mablag‘larini shakllantirish va ularning manbalari belgilanmoqda.

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining navbatdagi majlisida bir  qator qonunlar dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Xususan, majlis ishtirokchilari “Davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risida”gi Qonunni ko‘rib chiqdi.

Mazkur Qonun bilan mulkiy zararni qoplash uchun hududiy maqsadli jamg‘armalar mablag‘larini shakllantirish va ularning manbalari belgilanmoqda.

Shuningdek, yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash uchun undiriladigan mablag‘lar miqdori sudning qarori asosida aniqlanishi, jamg‘armalar mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, hududiy Kengashlarga davriy hisobot taqdim etib borilishi, hududiy hokimliklar zararni qoplash uchun to‘langan mablag‘larni regress tartibida undirish choralarini ko‘rishi belgilanmoqda.

Qonun fuqarolar va tadbirkorlarning buzilgan huquqlarini tiklash, mansabdor shaxsning shaxsiy masʼuliyatini oshirish hamda davlat idoralari faoliyatida shaffoflikni taʼminlashga xizmat qilishi senatorlar tomonidan alohida qayd etildi.

“Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun bilan mahalliy Kengashlarga hokimliklarning ayrim vakolatlari hamda qonun hujjatlarida mahalliy davlat hokimiyati organlariga berilgan umumiy vakolatlarning aniqlashtirilishi natijasida qo‘shimcha vakolatlar o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalar mahalliy vakillik organlari va ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasida ixtisoslashtirilmoqda.

Shundan so‘ng “Maʼmuriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi. Taʼkidlanganidek, ushbu Qonunning qo‘llaniladigan sohasi kengaytirilib, Qonun soliq, bojxona, davlat nazorati va tekshiruvi, fuqarolarning pensiya taʼminoti, harbiy ro‘yxatga olish va harbiy xizmatga chaqirish, shaharsozlik jihatidan rejalashtirish, yer uchastkalarini ajratish va olib qo‘yish kabi tartib-taomillarga nisbatan tatbiq etilishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, Qonun yuzasidan Qo‘mita aʼzolari va ekspertlari tomonidan bir qator takliflar bildirilib, Qonunni chuqur o‘rganib, tahlil qilish lozimligi qayd etildi.

Ko‘rib chiqilgan qonunlar bo‘yicha Qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.