Farg‘ona viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida tibbiyot muassasalariga ishga joylashtirib qo‘yishni va’da qilgan shaxslar ushlandi

Jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Oltiariq tuman bo‘limi va  DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Oltiariq tuman Markaziy poliklinikasi xodimasi N.R. fuqaro D.U.ning ishonchiga kirib, tanishlari yordamida tuman Tibbiyot birlashmasiga ishga joylashtirib qo‘yishi evaziga 1 500 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, Departamentning Nukus shahri bo‘limi, DXX va IIV xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Ixtisoslashtirilgan endokrinologi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali xodimasi P.D. fuqaro N.G.ning ishonchiga kirib, uni tibbiyot muassasalarining biriga ishga joylashtirib qo‘yishi evaziga 15 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.  

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.