Saida Mirziyoyeva Jenevadagi BMT binosida “Oʻzbekiston xonasi” ochilishini maʼlum qildi

U oʻz nutqida kelajak, islohotlar, barqaror taraqqiyot, madaniyat haqida fikr almashilganini taʼkidladi.

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Jenevada Oʻzbekiston mustaqilligining 34 yilligiga bagʻishlab tashkil etilgan qabul marosimida nutq so‘zladi. 

"Xalq so‘zi" nashri veb saytining xabar berishicha, u oʻz nutqida kelajak, islohotlar, barqaror taraqqiyot, madaniyat haqida, shuningdek, chegaralardan qatʼi nazar, barcha uchun muhim boʻlgan qadriyatlar xususida fikr almashilganini taʼkidladi.

— “Biz kelajak, islohotlar, barqaror taraqqiyot, madaniyat haqida, shuningdek, chegaralardan qatʼi nazar, barchamiz uchun muhim boʻlgan qadriyatlar xususida fikr almashdik. Bir yangilik bilan oʻrtoqlashishdan ayniqsa juda mamnunman: tez orada Jenevadagi BMT binosida “Oʻzbekiston xonasi” ochiladi. Bu — madaniyatimizning moʻjazgina bir boʻlagi koʻp millatli hamjamiyatga namoyish etiladigan maskan boʻladi.

Ushbu maskan har qanday qiyinchilik va ziddiyatlarga qaramay, bizning dunyoga ochiqligimiz ramziga aylanadi”, — dedi Saida Mirziyoyeva.

Shuningdek, u “Oʻzbekiston xonasi”ning ochilishi mamlakatimizning xalqaro hamjamiyatdagi oʻrni va nufuzini yanada oshirishini, milliy qadriyatlarimiz, madaniyatimiz va oʻzligimizni keng jamoatchilikka namoyish etishga xizmat qilishini alohida qayd etdi.