Samarqand viloyatining Bulungʻur tumanida “Pomidor sayli” oʻtkazildi

Joriy yilda Samarqand viloyatida 2631 gektar ochiq maydonda, 239 gektar issiqxonalarda pomidorning kasallikka chidamli va sermahsul navlari ekilgan.

Foto: xs.uz
Foto: xs.uz

Samarqand viloyatining Bulungʻur tumanining Fozil Yoʻldosh nomidagi mahallasida “Pomidor sayli” oʻtkazildi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Tadbirda Samarqand viloyatining tumanlarida yetishtirilgan pomidorlar bilan birga qayta ishlovchi korxonalarning mahsulotlari koʻrgazmasi tashkil etildi. Pomidor urugʻlari, navlari, undan turli mahsulotlar tayyorlash usullari ham namoyish qilindi.

Saylning ochilishida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev soʻzga chiqib, pomidor nafaqat xalqimiz dasturxonining asosiy neʼmatlaridan biri, balki viloyat qishloq xoʻjaligida muhim ahamiyatga ega mahsulotlardan ekanini taʼkidladi.

Joriy yilda Samarqand viloyatida 2631 gektar ochiq maydonda, 239 gektar issiqxonalarda pomidorning kasallikka chidamli va sermahsul navlari ekilgan.

“Pomidor sayli” doirasida tashkil etilgan tanlovda 1-oʻrin Pastdargʻom, 2-oʻrin Bulungʻur, 3-oʻrin Narpay tumani vakillariga nasib etdi. Shuningdek, saylda faol ishtirok etgan shahar va tumanlar hamda viloyat tashkilotlari vakillari ham taqdirlandi.