Ostonada Oʻzbek-qozoq ilmiy-ijodiy ziyolilarining birinchi forumi boʻlib oʻtdi

Oʻzbekiston va Qozogʻistonni nafaqat umumiy manfaatlar, balki chuqur tarixiy, madaniy va maʼnaviy ildizlar bogʻlab turgani taʼkidlandi.

Qozogʻiston Respublikasida boʻlib turgan Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasi “Umumiy tarixiy-madaniy meros – hamkorlikning yangi ufqlari” mavzusida Ostona shahrida oʻtkazilgan Oʻzbek-qozoq ilmiy-ijodiy ziyolilarining birinchi forumida ishtirok etdi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi. 

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva mazkur forumida nutq soʻzlab, unda Oʻzbekiston va Qozogʻistonni nafaqat umumiy manfaatlar, balki chuqur tarixiy, madaniy va maʼnaviy ildizlar bogʻlab turganini taʼkidladi.

Mamlakatlar rahbarlari – Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Qosim-Jomart Toqayevning siyosiy irodasi va saʼy-harakatlari tufayli ikki davlat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar, jumladan, gumanitar va madaniy aloqalar tobora mustahkamlanayotgani qayd etildi.

Forumda buyuk mutafakkirlar, shoir va olimlar, faylasuflar merosini asrab-avaylash va targʻib etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, Ostona shahrida Alisher Navoiyga, Toshkentda esa Abay Qoʻnonboyevga haykallar oʻrnatilgani, Oʻzbekistonda Abay tavalludining 180-yilligiga bagʻishlangan xotira tadbirlari oʻtkazilgani ikki davlat hamkorligining yorqin namunasi sifatida tilga olindi.

Shuningdek, ilm-fan va taʼlim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalasi ham muhokama etildi. Bugungi kunga qadar Oʻzbekiston va Qozogʻiston oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida 280 dan ortiq shartnoma va memorandumlar imzolangani, qoʻshma taʼlim dasturlari yoʻlga qoʻyilgani taʼkidlandi. Taʼlim kunlari va universitet yarmarkalari oʻtkazilayotgani, shuningdek, Oʻzbekistonda qozoq tilida mutaxassislar tayyorlanayotgani va 400 dan ortiq maktabda qozoq tili oʻqitilayotgani qayd etildi.

Oʻzbekiston parlamenti madaniy va ilmiy hamkorlikka qaratilgan qoʻshma tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashi, bu yoʻnalishda zarur qonunchilik va tashkiliy shart-sharoitlar yaratilishi taʼkidlandi.

Forum doirasida ishtirokchilar yangi sharoitlarda madaniy turizm va kreativ industriyani rivojlantirish, yoshlarni faol jalb etgan holda festivallar, koʻrgazmalar, kinoforumlar va boshqa gumanitar tadbirlarni oʻtkazish muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

Shu tariqa forum Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida gumanitar aloqalarni mustahkamlash, yangi loyihalarni muhokama qilish va ikki mamlakat ziyolilari oʻrtasida fikr almashish uchun muhim minbarga aylandi.

Shu bilan birga, forum doirasida ikki xalqning buyuk shoirlari, rassomlari va olimlarining ilmiy hamda ijodiy merosidan iborat namunalar koʻrgazmasi ham tashkil etildi. Ushbu koʻrgazmada ularning asarlari va ilmiy ishlari keng jamoatchilik eʼtiboriga taqdim etildi. Shuningdek, oʻzbek mualliflari tomonidan tayyorlangan tarixga oid kitoblar taqdimoti ham oʻtkazildi.