Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov boshchiligidagi delegatsiya Iordaniya Hashimitlar Qirolligiga rasmiy tashrif doirasida bir qator uchrashuvlar oʻtkazdi.
Muzokaralar Iordaniya investitsiyalar vaziri doktor Toriq Abu Gazale bilan uchrashuvdan boshlandi. Tomonlar investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hamda qulay biznes muhitini yaratish boʻyicha tajriba almashdikar.
Keyingi uchrashuv Iordaniya sanoat, savdo va ta’minot vaziri Yarub Kudax bilan boʻlib oʻtdi. Unda savdo hajmini oshirish, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasida bevosita aloqalarni rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi. Sanoat kooperatsiyasi va eksportni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tajriba almashish masalalari alohida e’tiborga molik boʻldi. Uchrashuvning asosiy natijasi sifatida ikki davlat oʻrtasida Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim loyihasini tayyorlashga kelishib olindi.
Tashrif dasturida, shuningdek, Iordaniya raqamli iqtisodiyot va tadbirkorlik vaziri Sami Smeyrat, Qirol Xusayn nomidagi biznes-parki bosh direktori Ammar Izziddin, Iordaniya Sanoat palatasi raisi muhandis Fatxiy Jagbir, shuningdek, mamlakatning yetakchi kompaniyalari — National Arab Mining Company, Zarhat Company, Arab Pesticides and Veterinary Drugs Manufacturing Company, Jordan Phosphate Mines Company, Grow Tech, Classic Fashion Apparel Industry va boshqa korxonalar rahbarlari bilan muzokaralar oʻtkazildi.
Kun yakunida Iordaniya Savdo-sanoat palatasi rahbariyati hamda farmatsevtika, kimyo, toʻqimachilik, elektrotexnika, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa sohalarda faoliyat yurituvchi 20 dan ortiq kompaniyalar ishtirokida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Iordaniya ishbilarmon doiralari Oʻzbekiston investitsiya muhiti amaliy jihatlari bilan batafsil tanishtirildi, istiqbolli tayyor loyiha takliflari taqdim etildi va qoʻshma hamkorlik uchun aniq loyihalar kelishib olindi. Delegatsiyaning tashrifi davom etmoqda.