“Uch qahramon” bozoridagi yongʻin boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

Jinoyat Kodeksining 259-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi ish yurituviga olingan.

11-avgust kuni “Uch qahramon” bozorida sodir boʻlgan yongʻin yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmatiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar qildi.

2025-yil 11-avgust kuni soat taxminan 02:20 larda, Toshkent tumani, “Sabzavot” MFY hududida joylashgan “Uch-qahramon ixtisoslashgan savdo majmuasi” MCHJda yongʻin kelib chiqqan. Oʻni oʻchirishga 10 ta yongʻin-qutqaruv ekipaji safarbar qilingan.

Bozorning umumiy doʻkonlar qurilgan maydoni 20.000 m/kv boʻlib, koʻrilgan tezkor choralar natijasida 12.000 m/kv maydonda joylashgan savdo doʻkonlari yongʻindan saqlab qolingan. Yongʻin oqibatida tan jarohati olgan yoki halok boʻlganlar aniqlanmadi.

Holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 259-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi ish yurituviga olingan.

“Hozirda yongʻin kelib chiqishi sabablariga aniqlik kiritish maqsadida tergov harakatlari olib borilmoqda, tergov organlari yakuniy xulosasiga koʻra qoʻshimcha axborot beriladi”, deyiladi xabarda.