Namanganning turizm salohiyati xalqaro jurnalistlar eʼtiborida

20 ga yaqin xalqaro va mahalliy OAV vakillari, jurnalist hamda blogerlar ishtirok etdi.

Joriy yilning 5–7-avgust kunlari Namangan viloyatida xalqaro press-tur tashkil qilindi. Uning doirasida viloyatda ayni sohada toʻplangan tajriba ommalashtirilib, ishtirokchilarga diltortar maskanlar taqdim qilindi. Tadbirda Germaniya, Turkiya, Eron va MDH davlatlaridan tashrif buyurgan 20 ga yaqin xalqaro va mahalliy OAV vakillari, jurnalist hamda blogerlar ishtirok etdi.

— Press-turning asosiy maqsadi — Namangan viloyatining boy turistik salohiyatini keng targʻib qilish, uning tabiiy, tarixiy va madaniy merosini xalqaro miqyosda yoritish orqali sayyohlarni yanada koʻproq jalb etishdan iborat boʻldi, — deydi viloyat hokimining oʻrinbosari Botir Nuriddinov. — Anjuman doirasida Pop, Chust, Chortoq, Yangiqoʻrgʻon va Toʻraqoʻrgʻon tumanlariga info-turlar uyushtirilib, mehmonlar ushbu hududlardagi turizm obyektlari, milliy hunarmandchilik markazlari, tarixiy va tabiiy maskanlar, shuningdek zamonaviy dam olish va sayohat manzillari bilan tanishish imkoniga ega boʻlishdi.

Maʼlumot uchun, Turizm qoʻmitasi huzuridagi “Milliy PR-markazi” davlat unitar korxonasi va viloyat Turizm boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan press-tur ishtirokchilari safida Qozogʻistonning “Kursiv” sayti va “Kazakhstan” teleradiokorporatsiyasi, Eronning “Fars News” axborot agentligi, Turkiyaning “TRT” telekanali, shuningdek, “Vatandosh.uz” sayti va boshqa nufuzli OAVlar vakillari bor edi. Xorijiy jurnalist va blogerlar taqdim etilgan sayyohlik obyektlari, ularning betakror manzarasi chuqur taassurot qoldirganini eʼtirof etib, bularning barchasini oʻz mamlakatlarida atroflicha yoritishni niyat qilganini bildirdilar.