8-avgust kuni Yerda soʻnggi ikki oydagi eng kuchli magnit boʻroni kuzatiladi

Quyosh chaqnashi M4.4 darajasida boʻlib, u natijasida shakllangan yuqori tezlikdagi plazma yadrosi Yerning magnit maydoniga kuchli zarba beradi

5-avgust kuni sodir boʻlgan kuchli quyosh chaqnashi oqibatida ajralgan plazma massasi Yerga yetib kelish arafasida. Ushbu jarayon 8-avgust, juma kuni soat 09:00 (Toshkent vaqti) atrofida sodir boʻlishi kutilmoqda, bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti TASSga tayanib xabar berdi.

Mutaxassislar maʼlum qilishicha, quyosh chaqnashi M4.4 darajasida boʻlib, u natijasida shakllangan yuqori tezlikdagi plazma yadrosi Yerning magnit maydoniga kuchli zarba beradi. Bu esa avval taxmin qilinganidan ancha kuchli geomagnit taʼsirlarga olib kelishi mumkin.

Magnit boʻroni boshlanishi 8-avgust kuni ertalab emas, balki tungi payt — 7-avgustdan 8-avgustga oʻtar kechasiyoq boshlanishi mumkin. Bu vaqtda geomagnit indeks (Kp indeksi) 6 darajagacha oshib ketishi kutilmoqda.

Eslatma: Bunday geomagnit faolliklar ayrim insonlarda bosh ogʻrigʻi, uyqusizlik, asabiylik va charchoqni kuchaytirishi mumkin. Shu sababli, ayniqsa, yurak-qon tomir kasalliklari bilan ogʻrigan fuqarolarga eʼtiborli boʻlish tavsiya etiladi.