2 nafar mast fuqaro inspektorlar bilan janjallashdi

Fuqarolar xodimlarning qonuniy talablarini bajarmay, ularga faol qarshilik koʻrsatib, hodisa joyidan qochishga uringanlar.

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida mast fuqarolar ichki ishlar organlari xodimlari bilan janjallashdi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmatiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 5-avgust kuni taxminan soat 21.30 larda Yunusobod tumani, Chinobod koʻchasida fuqarolar – 1981-yilda tugʻilgan A.Sh. va 1973-yilda tugʻilgan Sh.A. mast holatda boʻla turib, jamoat tartibini hamda fuqarolar osoyishtaligini buzayotganligi haqida xabar kelib tushgan.

Shu hududda xizmat olib borayotgan profilaktika inspektori va PPX xodimi zudlik bilan hodisa joyiga yetib borib, ushbu shaxslarning huquqbuzarlik sodir etishlarini toʻxtatishga harakat qilishgan. Biroq, fuqarolar xodimlarning qonuniy talablarini bajarmay, ularga faol qarshilik koʻrsatib, hodisa joyidan qochishga uringanlar.

Maʼlum boʻlishicha, fuqarolar profilaktika inspektori va PPX xodimi tomonidan ushlanib, hududiy IIBga olib borilgan.

Mazkur holat yuzasidan ushbu fuqarolarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 183-moddasi (“Mayda bezorilik”), 194-moddasi (“Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”) va 195-modda (“Ichki ishlar organlari xodimlarining oʻz xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik koʻrsatish”) alomatlari bilan hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy chora koʻrish uchun Jinoyat ishlari boʻyicha Yunusobod tuman sudiga yuborilgan.