Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarori (480-son, 2025-yil 31-iyul) bilan “Temir yoʻl transporti infratuzilmasi xavfsizligi toʻgʻrisida”gi texnik reglament tasdiqlandi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Mazkur reglament umumiy foydalanishdagi va umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻl transporti infratuzilmasiga nisbatan qoʻllaniladi.
Temir yoʻl mahsulotlari konstruktorlik hujjatlariga muvofiq ravishda quyidagi identifikatsiya belgilarga ega boʻlishi shart:
— muvofiqlik belgisi;
— raqam;
— ishlab chiqaruvchining yorligʻi;
— ishlab chiqarilgan sana;
— rezervuarlar va nazorat moslamalari tekshirilganligi haqidagi maʼlumotlar.
Shuningdek, temir yoʻl mahsulotining muvofiqligi majburiy tartibda quyidagi shakllarda tasdiqlanadi:
— majburiy sertifikatlash;
— muvofiqlik toʻgʻrisida deklaratsiyani qabul qilish.
Muvofiqlik sertifikatining amal qilish muddati esa quyidagicha belgilangan:
— mahsulot partiyasi uchun — mahsulotning yaroqlilik yoki kafolat muddatigacha;
— seriyali ishlab chiqariladigan mahsulot uchun — 3-yildan oshmasligi kerak.