Samarqandga yangi elektrobuslar olib kelinadi

Samarqand viloyati transport boshqarmasi va “Samarqandyoʻlovchitrans” davlat muassasasi rahbarlari Xitoy Xalq Respublikasiga xizmat safari chogʻida Chenjou shahri sanoat hududidagi “Yutong” zavodida avtobus va elektrobuslarni ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

“Yutong” kompaniyasi masʼullari bilan oʻtkazilgan muloqotda Samarqand shahridagi yoʻnalishlarda aholiga xizmat koʻrsatayotgan elektrobuslarda aniqlangan ayrim texnik muammolarni bartaraf etish hamda kelgusida bunday holatlarga yoʻl qoʻymaslik, ushbu transport vositalaridan samarali foydalanish va ularga servis xizmatlari koʻrsatish kabi masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, Samarqandga dastlabki bosqichda 80 dona, keyinchalik esa 250 dona elektrobus xarid qilish yuzasidan fikr almashildi.

“Samarqandyoʻlovchitrans” davlat muassasasi direktori Otabek Abdullayevning qayd etishicha, ayni paytda Samarqand shahar jamoat transportida YETTBning “Yashil shahar” loyihasi asosida xarid qilingan 100 dona “Yutong” elektrobuslaridan foydalanilmoqda.

Muloqot davomida “Yutong” zavodi rahbariyati hamkorlikka doimo tayyorligi, Samarqand shahri uchun hudud sharoitidan kelib chiqib elektrobuslar ishlab chiqarish va ulardan foydalanishda ham texnik koʻmak koʻrsatilishi maʼlum qilindi.