Oliy taʼlim tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasining ijrosi muhokama qilindi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov hamda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov ishtirokida oliy taʼlim tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasining ijrosi muhokama qilindi. Unda Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulxakim Eshmuratov ishtirok etdi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanganidek, loyiha doirasida “Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish axborot tizimi” (HEMIS) joriy etilib, 35 turdagi maʼlumotlar raqamlashtirildi.

my.edu.uz va my.uzbmb.uz axborot tizimlari joriy etilishi natijasida abituriyentlarning vaqtini tejash, xarajatlarini qisqartirish hamda ortiqcha byurokratik to‘siqlarning oldini olishga erishildi. Kirish imtihonlarining onlayn translyatsiyasi yo‘lga qo‘yildi.

Muhokamada ushbu ijobiy ishlar eʼtirof etilishi bilan bir qatorda loyihani amalga oshirishda kuzatilayotgan ayrim kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan o‘zaro hamkorlikdagi vazifalar ham belgilab olindi.

Jumladan, oliy taʼlim muassasalarida korrupsiyaga moyil bo‘lgan lavozimlar ro‘yxatini shakllantirish va ushbu lavozimlarda ishlovchi shaxslarni har 3 yilda rotatsiya qilish tartibi ishlab chiqiladi.

Barcha taʼlim muassasalarida quyi va o‘rta bo‘g‘indagi bo‘sh lavozimlarga ochiq tanlov tizimi amaliyotga joriy etiladi hamda taʼlim muassasalaridagi bo‘sh ish o‘rinlari uchun “vacancy.edu.uz” platformasi orqali onlayn hujjat topshirish jarayoni qatʼiy nazoratga olinadi.

Oliy taʼlim muassasalarining “komplayens-nazorat” tuzilmalari xodimlarini rektorlar qaramog‘idan chiqarib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri vazirlikka bo‘ysundirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Davlat xaridlari sohasida xarid ishtirokchilarini tekshirish va baholash samaradorligi oshiriladi.

Muhokama davomida masʼullarga bir qator amaliy tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.