Toshkent metropolitenining yer usti halqa yoʻnalishidagi ayrim bekatlar oraligʻida poyezdlar harakati toʻxtatiladi. Bu haqida “Toshkent metropoliteni”ga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Qayd etilishicha, metro poyezdlar harakati va yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash hamda sifatli xizmat koʻrsatish maqsadida, yer usti estakadalari va bekatlari maʼlum muddat foydalangandan soʻng, rejali profilaktik ishlarni amalga oshirish lozim.
Rejali profilaktik ishlar amalga oshirish uchun 2025-yil 2-avgust sanasidan boshlab, 6 ta bekatdan iborat “Texnopark – Yangiobod” bekatlari oraligʻida metro poyezdlar harakati toʻxtatiladi.
Maʼlum qilinishicha, yoʻlovchilarga noqulaylik hosil qilmaslik maqsadida, “Texnopark-Qipchoq-Texnopark” metro bekatlari oraligʻida bepul xizmat koʻrsatuvchi katta sigʻimli avtobuslar harakati yoʻlga qoʻyiladi. Ushbu avtobuslarning kunlik ish vaqti tonggi 05:00 dan tungi 23:00 ga qadar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.