“Oʻzgidromet” hafta boshida yomgʻir yogʻishi , kuchli shamol va tuman kuzatilishi mumkinligini eʼlon qildi.
Unga koʻra, 4–5 oktyabr kunlari Oʻzbekiston hududiga sovuq va nam havo massalari kirib kelishi kutilmoqda. Buning natijasida respublika boʻyicha ob-havo keskin oʻzgaradi.
4 oktyabr kuni shimoliy hududlar va choʻllarda, 4–5 oktyabr kunlari esa respublikaning qolgan hududlarida yomgʻir yogʻadi. Ayrim joylarda yogʻingarchilik kuchli boʻlishi, baland togʻli hududlarda esa qorga aylanishi mumkin.
Havo harorati asta-sekin pasayadi. Respublika boʻyicha kunduz kunlari 15–20 daraja, kechalari 5–10 daraja iliq boʻlishi kutilmoqda. Shimoliy hududlarda esa kunduzi 12–17 daraja, kechasi 2–7 daraja iliq boʻladi.
4 oktyabr kuni respublika boʻyicha ayrim joylarda shamol tezligi 13–18 metr/sekundgacha kuchayadi. Baʼzi hududlarda esa chang-toʻzon bilan birga shamol tezligi 20–22 metr/sekundgacha yetishi mumkin.
5–6 oktyabr kunlari respublikaning ayrim joylariga tuman tushishi ehtimoli bor. Shuningdek, 4–5 oktyabr kunlari togʻoldi va togʻli hududlarda sel va suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkin.