2026-yil sentyabr oyi Oʻzbekistonda kuz faslining boshiga xos iliq ob-havo bilan kuzatildi. Oy davomida havo harorati keskin oʻzgarmadi. Bu haqda «Oʻzgidromet» xabar qildi.
Maʼlum qilinishicha, respublikaning katta qismida havo harorati 29–34 daraja atrofida boʻldi. Ayrim kunlarda harorat 35–37 darajaga, janubiy va choʻl hududlarida esa 38 darajagacha koʻtarildi.
Shu bilan birga, bu koʻrsatkichlar sentyabr oyi uchun qayd etilgan mutlaq maksimumlardan past boʻldi. Ilgarigi yillarda sentyabr oyida respublikaning katta qismida havo harorati 38–40 darajaga, shimoliy, janubiy va choʻl hududlarida esa 41–42 darajagacha koʻtarildi.
Oyning soʻnggi haftasida harorat asta-sekin pasaydi. Kunduz kunlari havo asosan 24–27 daraja, eng janubiy hududlarda esa 28–30 darajagacha issiq boʻldi.
Sentyabr oyidagi oʻrtacha havo harorati respublikaning katta qismida iqlimiy meʼyordan 1,2–2,5 daraja yuqori qayd etildi. Shimoliy hududlar va Fargʻona vodiysining ayrim joylarida esa harorat meʼyor atrofida boʻldi.
«Oʻzgidromet» maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan sentyabr Oʻzbekistondagi meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng iliq sentyabr oylari qatoriga kirgan. Toshkent shahrida 2026-yil sentyabr oyining oʻrtacha harorati kuzatuvlar davridagi koʻrsatkichlar orasida toʻrtinchi yuqori natija boʻlgan.
Oy juda quruq keldi
Sentyabr oyida Oʻzbekistonning katta qismida yogʻingarchilik juda kam kuzatilgan. Shimoliy va sharqiy hududlardan tashqari, ayrim joylarda umuman yomgʻir yogʻmagan yoki 1–3-marta qisqa muddatli yogʻingarchilik qayd etilgan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Fargʻona vodiysining koʻpchilik hududlarida yogʻingarchilik miqdori oylik meʼyordan 1,5–3 baravar koʻp boʻldi. Ayrim joylarda esa bu koʻrsatkich meʼyordan 4–6 baravar yuqori qayd etilgan.
Ushbu hududlarda oy davomida 5–14 millimetr yogʻingarchilik tushdi. Sentyabr oyi uchun meʼyor 2–4 millimetrni tashkil etadi.
Shuningdek, oy davomida shimoliy, janubiy va choʻl hududlarida, ayrim hollarda markaziy hududlarda ham shamol tezligi 13–18 metr/sekundgacha kuchaydi. 2–3-sentyabr kunlari Ustyurtda, 20-sentyabr kuni Toshkent viloyatining baland togʻli hududlarida shamol tezligi 20–21 metr/sekundga yetgan.
Ayrim hududlarda kuchli shamol chang-toʻzon bilan birga kuzatildi. Oy davomida changli gʻubor holatlari ham tez-tez qayd etildi.
24-sentyabr kuni Namangan viloyatining Chust tumanida sel va suv toshqini hodisalari kuzatildi.