11
11

Toshkentda kechqurun havo sifati yomonlashishi kutilmoqda

Toshkent shahrida 14-oktyabr kuni kechqurun havo sifati yomonlashib, ayrim hududlarda ifloslantiruvchi zarrachalar miqdori ortishi kutilmoqda. Bu haqda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, ayrim soatlar va hududlarda havo sifatining qisqa muddatli yomonlashishi kuzatilgan. Kuchsiz shamol va harorat inversiyasi ifloslantiruvchi zarrachalarning yerga yaqin qatlamda toʻplanishiga sharoit yaratgan.

Milliy havo sifati indeksi boʻyicha shaharning oʻrtacha koʻrsatkichlari PM2,5 zarrachalari uchun «yashil», PM10 zarrachalari uchun esa «sariq» darajada saqlangan.

Prognozga koʻra, 14-oktyabr kuni soat 10:00 dan 17:00 gacha havo sifati asosan «oʻrtacha» darajada boʻlib, AQI koʻrsatkichi 75–100 oraligʻida boʻlishi kutilmoqda. Soat 19:00 dan keyin zarrachalar miqdori ortishi mumkin.

Soat 20:00 dan 23:00 gacha AQI koʻrsatkichi 100–150 gacha yetib, havo sifati sezgir guruhlar uchun nosogʻlom darajaga koʻtarilishi prognoz qilinmoqda. Eng yuqori koʻrsatkichlar soat 22:00–23:00 oraligʻida shaharning shimoliy va gʻarbiy qismlarida kuzatilishi kutilmoqda.

Atmosfera havosi sifati maxsus komissiya tomonidan doimiy monitoring qilib borilmoqda.