11
11

Oʻzbekiston hududlariga sovuq va nam havo massalari kirib kelmoqda

Joriy yilning 3-oktyabr kuni Oʻzbekistonning shimoliy hududlariga, 4–5-oktyabr kunlari esa respublikaning qolgan hududlariga sovuq va nam havo massalari kirib keladi. Bu haqda “Oʻzgidromet” xabar berdi.

3–4-oktyabr kunlari respublikaning shimoliy va choʻl hududlarida, 4–5-oktyabr kunlari esa boshqa hududlarda yomgʻir yogʻadi. Ayrim joylarda yogʻingarchilik kuchli boʻlishi, baland togʻli hududlarda esa qorga aylanishi mumkin.

Havo harorati asta-sekin pasayadi. Kunduzi 15–20 daraja, kechasi 5–10 daraja iliq boʻlishi kutilmoqda. Shimoliy hududlarda esa kunduzi 12–17 daraja, kechasi 2–7 daraja iliq kuzatiladi.

3–4-oktyabr kunlari respublika boʻyicha ayrim joylarda shamol tezligi 13–18 metr/sekundgacha kuchayadi. Baʼzi hududlarda esa chang-toʻzonlar bilan birga shamol tezligi 20–22 metr/sekundgacha yetishi mumkin.

5–6-oktyabr kunlari respublikaning ayrim hududlariga tuman tushishi ehtimoli bor.