Namangan viloyatida maktab oʻquvchilari xavfsizligini taʼminlash yuzasidan senator soʻrovi yuborildi

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda fuqarolar, ayniqsa bolalarning hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish hamda xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilangan. Shu maqsadda yoʻl infratuzilmasini takomillashtirish, taʼlim muassasalari atrofida xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratish hamda piyodalar xavfsizligini taʼminlash borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Biroq ayrim hududlarda umumiy oʻrta taʼlim maktablari oldida yoʻl harakati xavfsizligi bilan bogʻliq muammolar saqlanib qolmoqda. Xususan, Namangan viloyati Uychi tumanida oʻtkazilgan sayyor qabullar davomida fuqarolar tomonidan Gʻayrat mahallasida 41-sonli hamda Olmurut mahallasida 15-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktablari oldida oʻquvchilar va piyodalar xavfsizligini taʼminlash maqsadida svetoforlar oʻrnatish zarurligi yuzasidan murojaatlar bildirilgan.

Oʻrganishlar davomida Gʻayrat mahallasida 4 164 nafar kishi istiqomat qilishi, 41-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida esa 440 nafar oʻquvchi tahsil olishi aniqlandi. Shuningdek, mazkur hududda 2025-yilda 5 ta yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlib, ular oqibatida 2 nafar fuqaro vafot etgan. 2026-yilda esa yana 3 ta yoʻl-transport hodisasi qayd etilgani ushbu masalaning dolzarbligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi Odiljon Mamatkarimov Ichki ishlar vaziriga mazkur masala yuzasidan senator soʻrovi yubordi.

Senator soʻrovida mazkur hududlarda yoʻl harakati xavfsizligi holatini amaldagi talablar asosida oʻrganish, svetoforlar oʻrnatish masalasini belgilangan tartibda koʻrib chiqish, zarur boʻlganda qoʻshimcha yoʻl harakati xavfsizligi vositalarini joriy etish imkoniyatlarini baholash hamda ushbu yoʻnalishda amalga oshirilgan ishlar va koʻrilgan choralar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirishlar taqdim etish soʻralgan.