Tarixiy shaxslar obrazlaridan foydalanib, dori reklamasida axloq va maʼnaviyat normalarini buzgan “Nika Pharm” MCHJga moliyaviy jarima qoʻllanildi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlar orqali axloq va maʼnaviyatning umumeʼtirof etilgan normalariga muvofiq boʻlmagan reklama-axborotlarini joylashtirish (tarqatish) holatlari uchramoqda. Bu esa reklamadan foydalanuvchilarning (aholining) keskin muhokamalariga sabab boʻlib, tanqidiy ruhdagi izohlar oshib bormoqda.
Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda “Nika Pharm” MCHJ tomonidan “Rinoksil Formula+” dori vositasi reklamasida Amir Temur, Jorj Vashington, Ibn Sino, Yuliy Sezar, Alisher Navoiy, Napoleon Bonapart kabi tarixiy shaxslarning obrazlaridan foydalanib, “ushbu dori vositasini ular tomonidan ishlatilganda” deya, turli holatlarda namoyish etilgan.
“Maʼlumki, tarixda ulkan meros qoldirgan buyuk shaxslar xotirasiga hurmat-ehtirom xalqimizning mehr-muhabbatini ifodalaydi, biroq ushbu dori vositasining bu tarzda reklama qilinishi tarixiy shaxslarga, shu jumladan buyuk ajdodlarimizga nisbatan hurmatsizlik, axloq va maʼnaviyatimizga zid”, deyiladi qoʻmita xabarida.
Taʼkidlanishicha, “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunning 16-moddasida reklamada milliy va oilaviy anʼanalarga, shuningdek axloq va maʼnaviyatning umum qabul qilingan normalariga zid boʻlgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanish taqiqlanishi koʻrsatib oʻtilgan.
Yuqoridagilarga muvofiq, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “Nika Pharm” kompaniyasiga nisbatan “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunining 16-moddasi talablari buzilishi yuzasidan ish qoʻzgʻatilib, ishni koʻrib chiqish yakunida belgilangan tartibda moliyaviy jarima qoʻllash boʻyicha qaror qabul qilingan.
Shuningdek, aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish hamda kelgusida yoʻl qoʻymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berilgan.