Prezident “Oʻzkimyosanoat”ni transformatsiya qilish zarurligini qayd etdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev kimyo sanoatini jadal rivojlantirish va hududlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazdi.

Yigʻilishda suvda eriydigan oʻgʻit, polimerlar, maishiy va noorganik kimyo boʻyicha rejalashtirilgan katta loyihalar hisobiga nanokimyo, “yashil” kimyo, super-molekulyar kimyo, sunʼiy intellekt asosida kimyoviy modellashtirish kabi zamonaviy yoʻnalishlar boʻyicha kadrlarga talab paydo boʻladi.

Shu maqsadda kimyo sohasida kadr tayyorlaydigan 35 ta oliygohning professor oʻqituvchi va kafedra mudirlari loyihalarga biriktirildi.

Yangi oʻquv yilidan ushbu ehtiyojlardan kelib chiqib kadr tayyorlashni boshlash zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Umuman, kimyo sanoati boʻyicha 17 milliard dollarlik 350 dan ziyod loyihani ishga tushirish boʻyicha dastur qilib, ishlarni boshlash topshirildi.

Ushbu katta marralarni bajarish uchun sohani ilmiy asoslangan va zamonaviy yondashuvlar asosida boshqarish talab etiladi. Shu bois, “Oʻzkimyosanoat”ni transformatsiya qilish zarurligi qayd etildi va mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Yigʻilish davomida kimyo sanoati masʼullari va hududlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi, tarmoqda faoliyat yuritayotgan korxonalar rahbarlari bilan muloqot boʻlib oʻtdi.