“Navoiyazot” yonidagi klasterda 10 ta kam tonnali kimyo loyihalari boshlanadi

Oʻzbekistonda yiliga 1,5 million tonna ammiakli selitra ishlab chiqarilib, bunga 1 milliard 70 million kub metr gaz sarflanyapti. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida maʼlum qilindi.

Yigʻilishda ilgʻor davlatlar selitra isteʼmolini kamaytirib, qishloq xoʻjaligida karbamid va suvda eruvchan oʻgʻit, togʻ-kon sanoatida gʻovaksimon selitra ishlatishga oʻtayotgani taʼkidlandi.

Ammiakli selitra bilan tannarxi bir xil boʻlgan gʻovaksimon selitrada qoʻshilgan qiymat 2 karra koʻp. Mutasaddilar, kimyo korxonalari rahbarlari mana shunday loyihalarni koʻpaytirishni oʻylashi kerakligi qayd etildi.

Yoki “Navoiyazot”da chiqadigan 1 tonna sian tuzining narxi 3 ming 700 dollar boʻlsa, undan yelim olinsa, qiymati 8 ming dollargacha oshadi.

Masʼullarga “Navoiyazot” yonidagi klasterda 1 milliard dollarlik 10 ta kam tonnali kimyo loyihalarini boshlash topshirildi.