Xalqimizda “Uyi borning oʻyi yoʻq” deb bekorga aytishmagan. Uy-joy inson hayotida, uning kelajagi qanday boʻlishida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Shu maʼnoda aytganda, Prezidentimizning 2021-yil 9-avgustdagi tegishli qaroriga asosan, ota-onasiz, yetimlikda katta boʻlgan uy-joyga muhtoj yoshlarning voyaga yetishi bilan oʻz uy-joyiga ega boʻlayotgani ularning katta hayotga ishonch bilan qadam qoʻyishi, jamiyatda oʻz oʻrnini topishiga zamin hozirlayapti, yangi rejalar, maqsadlar sari ruhlantirmoqda.
Xususan, ushbu qaror asosida Qashqadaryo viloyatida ham shu kunga qadar ikki yuz nafarga yaqin yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan uyga muhtoj yoshlarning roʻyxati shakllantirilib, belgilangan tartibda uy bilan taʼminlangan edi. Bu gal esa ularning soni yana 20 nafarga ortdi.
Viloyat hokimligida oʻtkazilgan tadbirda ushbu yoshlarga yangi uy-joylarning kaliti tantanali tarzda topshirildi.
Tadbirda soʻz olganlar tomonidan taʼkidlanganidek, bu yoshlar ota-onasiz, qarindoshlari qoʻlida katta boʻlishgan. Davlatimizning ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga qaratayotgan yuksak eʼtibori, gʻamxoʻrligi natijasida bugun ular hech bir tengdoshidan kam emas.