Qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha soddalashtirilgan tartib joriy etiladi

Davlatimiz rahbarining “Kichik biznes subyektlarining oʻsishi uchun yanada qulay iqtisodiy va maʼmuriy shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha soddalashtirilgan tartib joriy etiladi.

Unga koʻra, 2027-yil 1-yanvardan:

  • alkogol mahsulotlarini chakana sotish hamda umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogol mahsulotlarini realizatsiya qilish huquqi uchun yigʻimlar birlashtiriladi va uning stavkasi BHMning 10 foizi miqdorida belgilanadi;

  • jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan tadbirkorlarga umumiy maydoni 1 000 metr kvadratdan koʻp boʻlgan mol-mulk ijaraga berilganda, soliq solish maqsadida ijara toʻlovining eng kam stavkalari qoʻllanmaydi, bundan Toshkent shahri mustasno;

  • kichik biznes subyektlariga buxgalteriya hisobini yurituvchi tashkilotlar va soliq maslahatchilarini jalb qilish xarajatlarini 2 barobarga oshirgan holda chegirishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, 2026-yil 1-iyundan 2030-yil 1-yanvarga qadar asosiy faoliyat turi umumiy ovqatlanish, savdo yoki xizmat koʻrsatish sohasi boʻlgan tadbirkorlarga ixtiyoriy ravishda QQSni hisoblab chiqarish va toʻlashning soddalashtirilgan tartibini tanlash huquqi beriladi.

QQSni hisoblab chiqarish va toʻlashning soddalashtirilgan tartibida:

  • QQS stavkasi tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish boʻyicha barcha aylanmalarga nisbatan 6 foiz etib belgilanadi;

  • foyda soligʻi stavkasi 0 foiz etib belgilanadi va soliq hisobotini taqdim etish majburiyati bekor qilinadi;

  • sotib olingan tovarlar (xizmatlar) boʻyicha toʻlangan QQS summasini hisobga olish huquqi berilmaydi.