Oʻquvchilarni oromgohlarga olib boradigan mingdan ortiq avtobus texnik koʻrikdan oʻtkazildi

Oʻzbekistonda yozgi mavsumda bolalarni oromgohlarga olib borish uchun jalb etiladigan 1121 ta avtobusning texnik holati tekshirilib, foydalanishga tayyor holatga keltirildi. Bu haqda Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, 2026-yilda mamlakatimiz boʻyicha 179 ta statsionar oromgoh va 1242 ta maktabdagi sogʻlomlashtirish maskanlarida jami 314 ming 190 nafar bolaning dam olishi rejalashtirilgan. Oromgohlarda bolalar xavfsizligini taʼminlash maqsadida 692 nafar yoʻl patrul xizmati xodimi xizmatga jalb etilgan.

Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati maʼlumotlariga koʻra, oromgohlarga olib boruvchi 3411,6 kilometr uzunlikdagi yoʻllar koʻrikdan oʻtkazilib, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan masʼul tashkilotlarga taqdimnomalar kiritilgan hamda yoʻllarga 1297 ta yangi yoʻl belgisi oʻrnatilgan.

Shuningdek, 244 ming kvadrat metrdan ortiq piyodalar oʻtish joylariga yoʻl chiziqlari chizilgan, 134 ming kvadrat metrdan ziyod yoʻl qismi taʼmirlangan. Amaldagi tartibga koʻra, bolalar guruhlarini tashish yoʻl patrul xizmati xodimlari kuzatuvida amalga oshiriladi.

Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati ota-onalarga ham murojaat qilib, yozgi taʼtil davrida bolalarni qarovsiz qoldirmaslik, ularning yoʻl harakati qoidalariga rioya etishini nazorat qilish va transport vositalarini boshqarishni voyaga yetmaganlarga topshirmaslikni soʻragan. Bundan tashqari, mutasaddilari issiq ob-havo sharoitida bolalarni avtomobilda yolgʻiz qoldirmaslik, yoʻlni faqat belgilangan joylardan kesib oʻtish hamda velosiped haydash qoidalariga amal qilish zarurligini eslatgan.