2026-yilning birinchi choragida Oʻzbekiston aholisining 7,2 foizi generativ sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan. Bu haqida Microsoft kompaniyasining “Global AI Diffusion Report” hisobotida maʼlum qilindi.
Hisobotga koʻra, mazkur koʻrsatkich jahon oʻrtacha darajasidan ancha past. Shu davrda dunyo boʻyicha generativ sunʼiy intellektdan foydalanuvchilar ulushi 16,3 foizdan 17,8 foizgacha oshgan.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yuqori natija Qozogʻistonda qayd etilgan. U yerda aholining 15,9 foizi sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanadi. Qirgʻizistonda bu koʻrsatkich 9,5 foizni tashkil qilgan.
Oʻzbekiston esa mintaqada Qozogʻiston va Qirgʻizistondan keyingi oʻrinni egallagan. Tojikiston va Turkmanistonda generativ sunʼiy intellektdan foydalanish darajasi 6,1 foiz etib qayd etilgan.
Jahon reytingida esa Birlashgan Arab Amirliklari yetakchilik qilmoqda. Mamlakatda aholining 70,1 foizi generativ sunʼiy intellektdan foydalanadi. Ikkinchi oʻrinda 63,4 foiz bilan Singapur qayd etilgan. Kuchli beshlikka, shuningdek, Norvegiya, Irlandiya va Fransiya ham kirgan.
Microsoft mutaxassislari sunʼiy intellekt texnologiyalarining joriy etilishi dunyo boʻylab bir xil surʼatda kechmayotganini taʼkidlagan. Ularning fikricha, bunga internet qamrovi, elektr taʼminotining barqarorligi, raqamli infratuzilma sifati hamda aholining raqamli koʻnikmalari darajasi kabi omillar taʼsir koʻrsatmoqda.