Oʻzbekiston hududida 5 ta sel-suv omborlari quriladi

Joriy yilning 25-may kuni Prezidentning “Sel-toshqin suvlaridan samarali foydalanishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–201-son qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, quyidagilar sel-toshqin suvlaridan samarali foydalanishni taʼminlashning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib belgilandi:

• 2027-yildan respublika hududlarida 5 ta sel-suv omborlarini qurish;

• sel-suv omborlarini qurish hisobiga:

• Samarqand viloyatida 7 ming gektar, Toshkent viloyatida 2 ming gektar va Jizzax viloyatida 300 gektar yer maydonlarining suv taʼminotini yaxshilash;

• Samarqand viloyatida 3,3 ming gektar va Toshkent viloyatida 300 gektar yangi yerlarni oʻzlashtirish.

2027–2030-yillarda quriladigan sel-suv omborlarining manzilli dasturi (Dastur) tasdiqlandi.

Sel-suv ombori va uning inshootlari, karyerlar va qurilish maydoniga tushgan yer uchastkalari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi belgilandi.

Bunda jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlar qonunchilikda belgilangan tartibda qoplab beriladi.