Matbuot renessansi va zamonaviy jurnalistika masalalari muhokama qilindi

Joriy yilning 22-may kuni Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil etilganining 8-yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan qator tadbirlarda Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi aʼzosi Husan Ermatov ishtirok etdi.

Senator universitet professor-oʻqituvchilari, talabalar va yosh tadqiqotchilar bilan uchrashib, bugungi global axborot makonida jurnalistika oldida turgan dolzarb vazifalar xususida gapirib berdi.

Uchrashuv davomida zamonaviy jurnalistikaning asosiy mezoni nafaqat tezkorlik, balki xolislik, masʼuliyat va ishonch ekani taʼkidlandi. Shuningdek, senator yosh jurnalistlarni milliy qadriyatlarga tayangan holda fikrlashga, axborot tarqatishda professional etika va mediasavodxonlik tamoyillariga qatʼiy amal qilishga chaqirdi.

Uchrashuv davomida axborot xavfsizligi, feyk xabarlarga qarshi kurashish, raqamli platformalar taʼsiri, milliy media makonida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish kabi mavzular muhokama qilindi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar universitetning soʻnggi yillardagi yutuqlari, xalqaro hamkorligi va talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdi. Shuningdek, “Minbar” talabalar jurnali hamda “Студенческая жизн” gazetasining maxsus sonlari taqdimoti ham oʻtkazildi.