Yoshlar parlamenti vakillari MDH Yoshlar parlamentlararo assambleyasi yigʻilishida ishtirok etdi

Sankt-Peterburg shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlar Yoshlar parlamentlararo assambleyasining XXVI yigʻilishida Oʻzbekiston delegatsiyasining Yoshlar parlamenti vakillari ham faol ishtirok etmoqda.

Yigʻilish doirasida yoshlar parlamentlari aʼzolari, ekspertlar va mutasaddi tashkilotlar ishtirokida yoshlar hamkorligini rivojlantirish, yoshlar siyosatini takomillashtirish hamda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish bilan bogʻliq dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda.

Muhokamalarda Yoshlar parlamenti raisi Laylo Aslonova oʻz maʼruzasi bilan ishtirok etib, raqamli transformatsiya jarayonlari, yoshlarning sunʼiy intellekt sohasidagi koʻnikmalarini rivojlantirish, media savodxonlikni oshirish hamda xavfsiz raqamli muhitni shakllantirish yuzasidan takliflar bildirdi.

Shuningdek, kun tartibidan davlatlar oʻrtasidagi xalqaro yoshlar hamkorligini mustahkamlash vositasi sifatida shaxmat diplomatiyasi masalasi ham oʻrin oldi. Ishtirokchilar intellektual va taʼlim loyihalarining gumanitar aloqalarni rivojlantirish, madaniyatlararo muloqotni kengaytirish hamda yoshlar almashinuvini faollashtirishdagi ahamiyatini taʼkidladilar.

Yigʻilish doirasida MDH davlatlarida yoshlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi ishtirokini kengaytirish, yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash hamda parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.