“Oʻzgidromet” dam olish kunlari respublika boyicha beqaror ob-havo saqlanib turishini maʼlum qildi.
Agentlik xabariga koʻra, 23-24-may kunlari Oʻzbekiston hududining katta qismida vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻadi, baʼzi joylarda kuchli jala yomgʻir yogʻadi. Momaqaldiroq boʻlishi mumkin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida yogʻingarchilik kutilmaydi, Buxoro va Navoiy viloyatlarida faqat ayrim joylarda biroz qisqa muddatli yomgʻir yogʻadi.
Togʻoldi va togʻli hududlarda yomgʻir yogʻadi, vaqti-vaqti bilan kuchli boʻladi, momaqaldiroq kuzatiladi. Sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Ayrim joylarda doʻl yogʻishi ehtimoli bor.
Shamol 7-12 metr/sekund tezlikda esadi, 13-18 metr/sekundgacha kuchayadi, shimolda va chol hududlarda va respublika janubida baʼzi joylarda chang-toʻzon bilan kuzatilishi mumkin.
Havo harorati 23—24-mayda kechalari 13-18 daraja, kunduz kunlari 22-27 daraja atrofida boʻladi.
Toshkent shahrida 23-may kuni asosan yogʻingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi, faqat kechga tomon biroz qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq bolishi mumkin. Kunduzi harorat 25-27 darajagacha koʻtariladi.
24-may, yakshanba kuni vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq kuzatiladi. Harorat kunduzi 22-24 daraja, kechalari 15-18 daraja boʻladi.