2026-yil 19-may kuni Prezidentning “Soliq organlari faoliyatini institutsional jihatdan takomillashtirish va soliq maʼmuriyatchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–95-son farmoni qabul qilindi.
Farmonga koʻra, quyidagilar ushbu Farmonni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsadlar etib belgilandi:
• 2030-yilga qadar Jahon bankining “Business ready” reytingida soliq yoʻnalishi boʻyicha birinchi darajaga chiqish;
• soliq xizmatlari sifatini yaxshilash va soliq toʻlovchilarning soliq organlariga boʻlgan ishonchini mustahkamlash.
2026-yil 1-iyuldan:
• tekshiruvdan oldingi tahlil doirasida aniqlangan tafovutlar boʻyicha aniqlashtirilgan soliq hisoboti yoki asoslovchi hujjatlarni taqdim etish majburiyati bekor qilinadi;
• soliq xavfi oʻrta boʻlgan soliq toʻlovchilarga aniqlangan xavflar toʻgʻrisida xabarnoma yuborish tizimi joriy etiladi. Bunda aniqlangan kamchiliklar 1 oy ichida bartaraf etilgan taqdirda, soliq tekshiruvlari oʻtkazilmaydi;
• yangi tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlariga ularning ixtiyoriga koʻra dastlabki 6 oy davomida soliq va moliyaviy hisobotlarni yuborish xizmati “Soliq-servis” AJ tomonidan bepul amalga oshiriladi.
2026-yil 1-avgustdan soliq organlarining mijozlarga yoʻnaltirilganlik indeksi joriy etiladi. Bunda soliq toʻlovchilar tomonidan:
• soliq xizmatlaridan foydalanish imkoniyati va qulayligi, shuningdek, soliq organlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini;
• soliq majburiyatlarini bajarish uchun sarflanadigan vaqt hamda soliq organlarining soliq toʻlovchilar bilan oʻzaro hamkorligi darajasini baholash imkoniyati yaratiladi.