Bolalarni doimo nazorat qiling — Toshkent viloyati FVB attraksionlardan foydalanish boʻyicha ogohlantirish eʼlon qildi

Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi attraksionlardan foydalanish qoidalari va xodimlarning yoʻriqnomalariga soʻzsiz amal qilishga chaqirdi.

Bildirilishicha, attraksionlardan foydalanishdan oldin ularning texnik holati, mustahkamligi va xavfsizlik jihozlarining mavjudligini tekshirish muhim hisoblanadi.

Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi attraksionlardan foydalanishda quyidagilarga eʼtibor berishni soʻragan:

  • Bolalarni doimo nazorat qiling, ularni yolgʻiz holda attraksionlar yaqinida qoldirmang;

  • Koʻp odam toʻplangan joylarda ehtiyot boʻling, itarilish va turtilishlardan saqlaning;

  • Spirtli ichimliklar taʼsirida attraksionlardan foydalanish jiddiy xavf tugʻdiradi;

  • Agar sogʻligʻingizda muammo boʻlsa ekstremal attraksionlardan foydalanmang;

  • Xavfsizlik xizmati va attraksion xodimlarining koʻrsatmalariga rioya qiling;

  • Telefon, hamyon, koʻzoynak kabi buyumlarni mahkam saqlang yoki maxsus joyga topshiring;

  • Attraksion va binolardagi favqulodda chiqish yoʻllari va yongʻin oʻchirish vositalarining joylashuvini oldindan bilib oling.

Shuningdek, har qanday favqulodda holat yuzaga kelganda zudlik bilan maʼmuriyat yoki tezkor xizmatlarga 112 yordam raqami orqali murojaat qilish, ehtiyotkorlik bilan xavfsiz joyga oʻtish, boshqalarni ogohlantirish va imkon boʻlganda yordam koʻrsatish tavsiya qilingan.