“Yurt qaygʻusida 365 kun” kitobining taqdimoti oʻtkazildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2025-yildagi sermahsul faoliyatini aks ettiruvchi “Yurt qaygʻusida 365 kun” nomli yangi kitob taqdimotiga bagʻishlangan adabiy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.

Anjumanda mamlakatimizning taniqli ijodkor ziyolilari, yozuvchi va shoirlar, olimlar, ustoz jurnalistlar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston jurnalistlari uyushmasi raisi v.b. Shuhrat Orif, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov, Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, Kinematografiya agentligi bosh direktori Shuhrat Rizayev va Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov yangi nashrning siyosiy va tarixiy qimmatiga yuqori baho berdilar. Shuningdek, yurtimizda kechayotgan tub yangilanishlar har bir vatandoshimiz hayotida oʻz aksini topayotganini va Oʻzbekistonning jahon maydonidagi nufuzi tobora ortib borayotganini taʼkidladilar.

“Yurt qaygʻusida 365 kun” kitobi Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil davomidagi serqirra faoliyati, davlat boshqaruvi, xalqaro diplomatiya, iqtisodiy islohotlar, kambagʻallikni qisqartirish, “yashil iqtisodiyot”, ekologik barqarorlik, ijtimoiy himoya, ilm-fan va madaniyat sohalaridagi tashabbuslarini hujjatli manbalar asosida jamlagan yaxlit toʻplamdir.

Mazkur siyosiy-hujjatli toʻplam nafaqat keng kitobxonlar ommasi, balki siyosatshunoslar, tarixchilar, tadqiqotchilar, xalqaro munosabatlar mutaxassislari va jurnalistlar uchun Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot modelini chuqur oʻrganishda eng muhim va qimmatli manba boʻlib xizmat qiladi.