“Oʻzgidromet” kuchli shamol esishi va chang toʻzonlardan ogohlantirdi

“Oʻzgidromet” bugun, 18-may kuni Oʻzbekiston hududida shamol tezligi meʼyoridan yuqori boʻlishi va ayrim joylarda chang toʻzonlar bilan kuzatilishini maʼlum qildi.

Unga koʻra, bugun kunduzi baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Fargʻona vodiysi viloyatlarida yogʻingarchilik kutilmaydi.

Kunduz kuni respublika boʻyicha baʼzi joylarda shamol tezligi 13-18 metr/sekundgacha kuchayadi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Navoiy, Surxondaryo viloyatlarining ayrim joylarida baʼzida 20-22 metr/sekundgacha kuchayishi, chang-toʻzonlar bilan kuzatilishi mumkin.

Poytaxtda shamol tezligi 10-12 metr/sekundgacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-toʻzonlar kuzatilishi ehtimoli bor.

Agentlik xabariga koʻra, Xorazm viloyatining tuman va shaharlari hududida shamol tezligi allaqachon 18-20 metr/sekundgacha kuchaygan. Xiva, Tuproqqalʼa, Hazorasp tumanlarida shamol tezligi 22 metr/sekundgacha yetgan va ayrim joylarda kichik talafotlar ham keltirib chiqargan.