Ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar uchun tavsiyanoma olishga arizalar qabul qilish boshlandi

Ehtiyojmand oilalardagi 4 ming nafar xotin-qizlarga qoʻshimcha qabul koʻrsatkichlari doirasida ajratiladigan tavsiyanomalar berish uchun arizalar qabuli boshlandi. Bu haqida Taʼlim nazorati Telegram-kanali xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, arizalar Yagona portal — “my.gov.uz” orqali elektron shaklda qabul qilinadi. Talabgorlarning arizalari 8-iyunga qadar qabul qilinadi.

Talabgorlarga quyidagi mezon asosida tavsiyanoma beriladi:

  • Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning xotin-qizlari;

  • toʻliqsiz oilada tarbiyalanayotgan, yaʼni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;

  • turmush oʻrtogʻi vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolgʻiz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;

  • nogironligi boʻlgan farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;

  • ikki va undan ortiq farzandlarini tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida (ijarada) yashayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolgʻiz ayollarning qiz farzandlari;

  • ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi boʻlgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar.