Oʻzbekistonning birinchi kosmonavtini koinotga uchirish 2028-yil oktyabr oyigacha amalga oshiriladi. Bu haqda bugun, 13-may kuni Raqamli texnologiyalar vazirligida oʻtkazilgan matbuot anjumanida “Oʻzbekkosmos” agentligi direktori oʻrinbosari Muhiddin Ibragimov maʼlum qildi.
Uning qayd etishicha, milliy fazogir dastlab 10-14 kunlik parvozni amalga oshirishi rejalashtirilmoqda. Bu borada xalqaro hamkorlik istiqbollari, jumladan, yetakchi kosmik agentliklar bilan hamkorlik formatlari koʻrib chiqilmoqda.
“Dunyoda inson ishtirokida kosmik parvozlarni amalga oshira oladigan uchta davlat bor — AQSH, Rossiya va Xitoy. AQSH hamda Rossiya kosmonavtlarni yagona xalqaro kosmik stansiyaga yuboradi. Xitoy esa oʻzining alohida kosmik stansiyasiga ega.
Hozir biz barcha tomonlar bilan muzokaralar olib boryapmiz va ularning har biri hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan. Kosmonavtimiz fazoga parvoz qilganida, u Yerga quruq qaytmaydi — kamida muayyan ilmiy tajriba natijalari bilan qaytadi”, dedi Muhiddin Ibragimov.
Uning qoʻshimcha qilishicha, bu tashabbus nafaqat ramziy ahamiyatga ega. Milliy fazogir – bu yoshlar uchun kuchli motivatsiya, ilm-fanga qiziqishni oshirish, mamlakat imijini mustahkamlash omilidir.
Kosmonavtni fazoga uchirish aniq ilmiy dasturni amalga oshirish bilan uzviy bogʻliq boʻladi. Oʻzbekiston kosmonavti fazoda boʻlishi doirasida olib borilishi mumkin boʻlgan tadqiqotlar yoʻnalishi sifatida tibbiyot va biologiya (masofaviy tashxis qoʻyish, mahalliy dorivor ekstraktlar samaradorligini oʻrganish), oʻsimliklar genetikasi (qurgʻoqchilik va shoʻrlanishga chidamli navlarni sinash, yopiq agrobiotizimlar modeli), materialshunoslik (issiqlikni toʻplash va boshqarish uchun materiallar, mato va tolalarni sinovdan oʻtkazish) taklif qilingan.
Taʼkidlanishicha, bu Oʻzbekistonning xalqaro nufuzini oshirishi bilan birga ilmiy salohiyatni rivojlantirish, yangi loyiha va texnologik tashabbuslarning yuzaga kelishi, yoshlarning fan va texnologiyalarga qiziqishi ortishiga xizmat qiladi.