Joriy yilning 13–15-may kunlari Buxoro shahrida Osiyo xotin-qizlarining II forumi hamda uning doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon yetakchi ayollari muloqotining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtadi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Tadbirda 40 dan ortiq xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning nufuzli vakillari, jumladan Sharqiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo, Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlarining ayol aʼzolari, hukumat aʼzolari, shuningdek, 50 dan ortiq xorijiy davlatlarning Oʻzbekistondagi diplomatik vakolatxonalari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etadi.
“Ayollarga investitsiya – barqaror oʻsish asosi: xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusida forum ham tashkil qilinadi.
Forum doirasida davlat va jamiyat boshqaruvi hamda siyosiy qarorlar qabul qilish jarayonlarida xotin-qizlar ishtirokini kengaytirish, ularning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash, barqaror bandlik va tadbirkorlikni rivojlantirish, ilm-fan, taʼlim, innovatsiya va sunʼiy intellekt sohalarida imkoniyatlarni oshirish, shuningdek, ijtimoiy himoya va raqamli muhitda xavfsizlikni taʼminlash masalalariga bagʻishlangan toʻrtta parallel sessiya oʻtkaziladi.
Bundan tashqari, “Ilm-fanda ayollar yetakchiligi: zamonaviy chaqiriqlar, innovatsion yechimlar va ilmiy hamkorlik” mavzusidagi Olima ayollar forumi ham oʻtkaziladi.
Tadbir doirasida tashkil etiladigan milliy mahsulotlar koʻrgazmasida toʻqimachilik, kulolchilik, ipakchilik va charm-poyabzal sanoati, naqsh oʻymakorlik, eksportbop oziq-ovqat mahsulotlari, xotin-qizlarning muvaffaqiyatli loyihalari, startapchi qizlarning innovatsion startaplari hamda mamlakatimizning eksport salohiyatini namoyon etuvchi mahsulotlar taqdim etiladi.