12 yoshli shaxmatchi dunyodagi eng yosh ikkinchi grossmeyster boʻldi

Sardiniyada oʻtayotgan turnir shaxmat olamiga yangi rekordchini taqdim etdi. Bu haqida “Uzchesss” loyihasining rasmiy Telegram-kanalida xabar berildi.

Maʼlum qilinishicha, argentinalik 12 yoshli Faustino Oro grossmeysterlik unvoni uchun soʻnggi, uchinchi normani muddatidan oldin bajargan.

«Soʻnggi tur oldidan Faustinoning hisobida 8 imkoniyatdan 6 ochko bor edi va oxirgi normani olish uchun u soʻnggi turda durang oʻynashi shart edi. Biroq qurʼaga koʻra, u soʻnggi turda turnirning asosiy favoriti Yan Nepomnyaщiy bilan toʻqnash keladigan boʻldi.

Raqibning reytingi oʻta yuqoriligi sababli, Faustino hatto bu partiyada magʻlub boʻlgan taqdirda ham, uning turnirdagi oʻrtacha koʻrsatkichi 2600 dan pastga tushmaydi. Bu esa avtomatik ravishda grossmeysterlik normasi bajarilganini anglatadi», — deyiladi xabarda.

Maʼlumot uchun, Faustino Oro 12 yosh 6 oy va 26 kunligida grossmeyster unvoniga erishdi. Bu shaxmat tarixidagi ikkinchi eng yaxshi natija hisoblanadi. U 1-oʻrinda turgan Abximanyu Mishradan bor-yoʻgʻi ikki oyga ortda qolgan.