Avvalroq Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qaroriga muvofiq, Buyuk Britaniya fuqarolari – marhum Jon va Fillis Emili Le Bretonlar “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlangan edi. Ular Ikkinchi jahon urushi yillarida fashistlar konslageridan qochgan oʻzbekistonlik askar Boqijon Akramovning hayotini saqlab qolgan.
“Dunyo” axborot agentligi xabariga koʻra, Oʻzbekistonning Londondagi elchisi Ravshan Usmonov Jersi oroliga tashrif buyurib, mukofotni marhum oilaning farzandlari – Dalsi va Alan Le Bretonlarga tantanali ravishda topshirgan.



Taqdirlash marosimi Dalsi Le Breton davolanayotgan “Cheval Roc” qariyalar uyida boʻlib oʻtdi. Unda muassasa rahbariyati, mahalliy aholi, “Jersey Heritage” tashkiloti vakillari hamda BBC, ITV va boshqa ommaviy axborot vositalari jurnalistlari ishtirok etgan.
Tadbirda soʻzga chiqqan muassasa rahbari Nik Betani britaniyalik oilaning insonparvarligini yuksak baholagan Oʻzbekiston hukumatiga minnatdorlik bildirgan. U mukofotning Jersi oroli fashistlar istilosidan ozod etilganining 81-yilligi arafasida topshirilgani alohida ramziy ahamiyatga ega ekanini qayd etgan.
Dalsi va Alan Le Bretonlar ota-onalari xotirasini iliq soʻzlar bilan yodga olib, Oʻzbekiston xalqiga samimiy minnatdorlik bildirgan. Ular fashizm butun insoniyat uchun tahdid boʻlganini, gʻalaba esa xalqlarning birligi va oʻzaro yordami tufayli qoʻlga kiritilganini taʼkidlagan.
Shuningdek, ular Boqijon Akramov haqidagi xotiralari bilan oʻrtoqlashib, oila aʼzolari orasida “Tom amaki” nomi bilan tanilgan oʻzbek askari mehnatkashligi, kamtarligi va insoniy fazilatlari bilan qisqa vaqt ichida oilaning mehrini qozonganini soʻzlab bergan.
Ikkinchi jahon urushi yillarida boshlangan ushbu voqea bugungi kunda Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik va insoniy qadriyatlarning ramziga aylangan. U BBC va Britaniyaning boshqa yetakchi ommaviy axborot vositalarida ham keng yoritildi.
Maʼlumot uchun, Jersi – La-Mansh boʻgʻozida joylashgan Normandiya orollarining eng yirigi boʻlib, 1940-yil iyul oyida fashistlar tomonidan bosib olingan. U yerda harbiy infratuzilma va yerosti bunkerlari barpo etilgan.
Oddiy oʻqituvchi boʻlib ishlagan Boqijon Akramov urush boshlangach, armiyaga safarbar etilgan va Ukraina frontiga joʻnatilgan. Janglardan birida nemis qoʻshinlari 12 ming sovet askarini qirib tashlagan. U kabi tirik qolganlar asir olingan va boshqa sovet askarlari qatori konslagerga joʻnatilgan.
1942-yil iyul oyida u ikki ming asir bilan birga Jersi oroliga olib kelinib, yerosti tunnellari qurilishiga jalb etilgan. Oylab davom etgan ochlik va ogʻir sinovlarga qaramasdan, Akramov asirlikdan qochishga muvaffaq boʻlgan.
Le Bretonlar oilasi esa hayotini xavf ostiga qoʻyib, qochqin askarga oʻz uyidan boshpana berib, uni deyarli uch yil davomida fashistlardan yashirib kelgan. 1945-yil may oyida Boqijon Akramov Oʻzbekistonga qaytib kelgan.
Jon va Fillis Emili Le Bretonlarning bu jasorati insonparvarlikning yorqin namunasi sifatida abadiy qadrlanadi.