Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi bir guruh oʻzbekistonliklarni Erondan Turkmaniston orqali tranzit yoʻli bilan qaytishini taʼminladi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Oʻzbekistonning Ashxobod va Tehrondagi diplomatik vakolatxonalari Turkmanistonning tegishli idoralari bilan hamkorlikda viza va transport-logistika masalalarini tezkorlik bilan hal qilgan.
Turkmaniston tomonining koʻmagi bilan 41 nafar Oʻzbekiston fuqarosi “Saraxs–Seraxs” va “Gaudan–Bajgiran” chegara oʻtkazish punktlarida kutib olinib, diplomatik xodimlar tomonidan ularning Oʻzbekistonga xavfsiz yetib kelishi taʼminlangan.
“Ushbu chora-tadbirlar Oʻzbekiston tashqi siyosatida fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish ustuvor ahamiyatga ega ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Shu bilan birga, tomonlarning muvofiqlashtirilgan saʼy-harakatlari mintaqadagi oʻzaro ishonch va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarining yuksak darajasini namoyon etdi”, deyiladi xabarda.
Diplomatik vakolatxona hech bir fuqaro tegishli yordamsiz qolmasligini taʼkidlab, inson manfaatlarining ustuvorligi muvofiq ravishda izchil davom ettirilayotganini qayd etgan.