Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi hamda Turkiya Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi oʻrtasida Hamkorlik toʻgʻrisidagi Oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Mazkur memorandumning asosiy maqsadi tomonlar oʻrtasida konstitutsiyaviy huquq sohasini nazariy va amaliy jihatdan chuqur oʻrganishga koʻmaklashish, shuningdek, qoʻshma tadbirlar va amaliy hamkorlik orqali oʻzaro ishonch va doʻstona munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan institutsional asoslarni belgilashdan iborat.
Hujjat doirasida ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, jumladan, fikr va ilgʻor tajriba almashish orqali sud-huquq sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, konstitutsiyaviy odil sudlov sohasidagi dolzarb masalalari boʻyicha qoʻshma ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish, shuningdek, konstitutsiyaviy shikoyat institutini qoʻllash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan oʻzaro tajriba almashishga kelishib olindi.
Shu bilan birga, memorandumda konstitutsiyaviy odil sudlov sohasida axborot, ilmiy nashrlar, sud qarorlari va boshqa tegishli materiallarni muntazam ravishda almashish, tomonlarning vakolatlariga daxldor masalalar yuzasidan qoʻshma ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, oʻquv va tadqiqot dasturlari, shuningdek, malaka oshirish tadbirlarini tashkil etish kabi ustuvor yoʻnalishlar belgilandi.
Mazkur memorandum ikki davlat konstitutsiyaviy sudlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, zamonaviy konstitutsiyaviy odil sudlov amaliyotini rivojlantirish hamda xalqaro huquqiy muloqotni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.