Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida oʻtayotgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilari kengashining 59 yillik yigʻilishida bugungi kunda Oʻzbekiston iqtisodiyoti mutlaqo yangi rivojlanish davrini boshdan kechirayotganini taʼkidladi.
“Biz 2016-yildan buyon iqtisodiyotni erkinlashtirish, investorlar uchun jozibador muhit yaratish, global qoʻshilgan qiymat zanjirida faol qatnashish, hududlarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini tubdan yangilash, aholi turmush sharoitini yaxshilash boʻyicha katta islohotlarni olib boryapmiz.
Tarixan qisqa vaqt ichida mehnatkash va bunyodkor xalqimiz bilan murakkab taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtdik.
Soʻnggi yillarda iqtisodiyotimizga 150 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritilib, minglab zamonaviy korxonalar ishga tushirildi. Birgina energetika sohasida 35 milliard dollarlik investitsiya loyihalari hisobiga elektr ishlab chiqarishni 1,5 barobar oshirib, 87 milliard kilovatt-soatga yetkazdik. Bu davrda tovar va xizmatlar eksporti 3 karra oʻsdi, iqtisodiyotimiz hajmi esa 50 milliarddan 147 milliard dollarga yetdi.
Bunday ijobiy natijalar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham eʼtirof etilmoqda. 2020-yildan buyon Oʻzbekiston suveren kredit reytinglarida oʻz oʻrnini barqaror oshirib bormoqda.
Iqtisodiy erkinlik indeksida joriy yil yurtimiz 14 pogʻona yuqorilab, ilk bor “iqtisodiyoti moʻtadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldi”, dedi Prezidentimiz.