Shavkat Mirziyoyev OTB Boshqaruvchilari kengashining 59 yillik yigʻilishida nutq soʻzlamoqda

Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida oʻtayotgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilari kengashining 59 yillik yigʻilishida nutq soʻzlamoqda.

Davlatimiz rahbari tadbir ishtirokchilarini samimiy qutladi:

“Bunday nufuzli anjumanning yurtimizda oʻtkazilayotgani bizga albatta gʻurur va iftixor bagʻishlaydi.

Bir necha ming yillik tarixga ega, Buyuk ipak yoʻlining chorrahasida joylashgan diyorimiz qadimdan Sharq va Gʻarbni, Shimol va Janubni bogʻlovchi markaz boʻlib kelgan. Bu yerda azaldan dunyo tamadduni, ilm-fan va savdo yoʻllari tutashgan.

Buyuk tarix va yorqin kelajakni oʻzida mujassam etgan Yangi Oʻzbekiston endilikda xalqaro miqyosdagi dolzarb masalalar muhokama etiladigan yirik maskanga aylanib bormoqda.

Ishonchim komilki, Samarqand anjumani ilgʻor fikr va yangi tashabbuslarni ilgari surishga, muhim qarorlar qabul qilishga xizmat qiladi.

Yangi Oʻzbekistonga xush kelibsiz!”.